TeachersPRO sinov dasturidan foydalanish bo‘yicha Yetakchi (Champion) o‘qituvchilar tayyorlanmoqda
Bugun, 20-oktabr kuni, A.Avloniy nomidagi institutda TeachersPRO platformasi orqali tanqidiy fikrlashni o‘rganish bo‘yicha yetakchi o‘qituvchilar va umumtaʼlim maktab rahbar kadrlari uchun seminar-trening boshlandi.
Tadbir "ISHONCH" loyihasi doirasida Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi, UNICEF tashkiloti hamda A.Avloniy nomidagi institut hamkorligida Finlandiyaning TeachersPRO sinov dasturi doirasida olib borilmoqda.
Seminarning ochilish qismida Maktabgacha va maktab ta‘limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev, institut rektori Abduvali Ismailov, Finlandiyaning TeachersPRO dasturi mutaxassisi Hanne Koli hamda Unicef tashkilotining taʼlim bo‘yicha mutaxassisi Umida Islomovalar ishtirok etib, xalqaro hamkorlik, ilg‘or pedagogik tajribalar va raqamli ta‘limning hamda tanqidiy fikrlashning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Treningning birinchi kunida tanqidiy fikrlashni o‘quv jarayoniga singdirish, grafik sxemalardan samarali foydalanish hamda TeachersPRO platformasidan foydalangan holda darsni rejalashtirish borasida bilim-ko‘nikmalar berildi.
Amaliy mashg‘ulotlarda esa ishtirokchilar tizimga kirish, material joylash, hamkasblar bilan fikr almashish va o‘z darslarini tahlil qilish bo‘yicha topshiriqlarni bajardilar.









