O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2023-yil 26-maydagi PF-79-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2023-yil 25-dekabrdagi 681-sonli qarori qabul qilindi hamda 2024-yil fevral oyidan boshlab A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasasi direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda https://manager.uzedu.uz maxsus portal orqali ularga menejerlik sertifikatini elektron shaklda berish tizimi joriy qilindi.
O‘quv dasturiga asosan nomzodlar va amaldagi direktorlar uchun 11 ta modullar asosida o‘qitilmoqda. Ya’ni, “Ta’lim muassasasini boshqarishning ilmiy asoslari”, “Strategik menejment”, “Ta’lim tizimida boshqaruv psixologiyasi”, “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasini boshqarish”, “Menejer va lider”, “Zamonaviy rahbar xususiyatlari va boshqaruv kompetensiyasi”, “Boshqaruvda muammolarga yechim topish va qarorlarni qabul qilish”, “Ta’lim sifati menejmenti”, “Kommunikativ strategiyalar boshqaruv vositasi sifatida”, “Direktor – loyiha boshqaruvchisi sifatida”, Maktab amaliyoti (Ilgʻor tajribani oʻrganish) kabi modullardan iborat.
Menejerlik o‘quv kurslarining o‘quv rejasiga asosan o‘qish muddati 1 oy (144 soat) hajmda offlayn (ishlab chiqarishdan ajralgan holda) shaklda tashkil etilmoqda.
Shuningdek 2024-yilning oktabr oyidan boshlab o‘quv kursida turli xil sabablarga ko‘ra tezroq o‘qish istagini bildirgan talabgorlar uchun belgilangan to‘lov summasini 5 barobarini to‘lagan holda navbatdan tashqari o‘qish imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish va ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2023-yil 25-dekabrdagi 681-sonli qaroriri bilan tasdiqlangan nizomga o‘zgartirish qo‘shimchalar qo‘shilib, nizomning 38-bandiga asosan birinchi marta yakuniy sinovdan o‘taolmagan direktorlar ikki oy ichida bir marta yakuniy sinovda ishtirok etishlari mumkunligi belgilab berildi.