Markaziy Osiyoda ingliz tilini o‘rganishni yanada takomillashtirishda PRESETT milliy maslahatchilar tayyorlanmoqda
Bugun A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Britaniya Kengashi va Buyuk Britaniyaning Norvich Til Ta‘limi Instituti hamkorligida Markaziy Osiyoda ingliz tilini o‘rganishni jadallashtirishga qaratilgan seminar-trening boshlandi.
Tadbirning ochilish qismida Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev, Britaniya Kengashi direktori Maykl Xolgeyt, direktor o‘rinbosari Jamilya G‘ulyamova, institut rektori Abduvali Ismailov va prorektor Sherzod Radjabovlar qatnashdilar.
Joriy yilning 20-23-oktyabr kunlari davom etadigan mazkur seminarda Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakati, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston Respublikasining ingliz tili pedagogik kadrlarini tayyorlashga ixtisoslashgan 27 ta oliy taʼlim muassasalaridan 38 nafar mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Treningda ishtirokchilar milliy taʼlim dasturlarini tahlil qilib, xalqaro ilg‘or metodlarni o‘rganadilar hamda ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlash bo‘yicha mutaxassislarning mahalliy hamkorligini kuchaytirib, o‘zaro tajriba almashadilar.
Mashg‘ulotlar Buyuk Britaniyaning Norvich Til Ta‘limi Instituti mutaxassisi tomonidan olib boriladi.
Mazkur seminar-treningda ishtirokchilar bo‘lajak ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashda taʼlim dasturi asosini tashkil qiluvchi tamoyillarini o‘rganib, o‘z kontekstlarida mavjud taʼlim dasturlarini takomillashtirish borasida ishlaydilar.





